Platforma test rejimida ishga tushirilgan
2023 yilning 12 aprel kuni Oliy Majlis Senatida Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan Yoshlar parlamenti hamda Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatning boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi bilan hamkorlikda nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari uchun seminar tashkil etildi.
Maqsad – Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi, Yoshlar parlamenti va nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘zaro hamkorligini yanada rivojlantirish, shuningdek, ijtimoiy loyiha va dasturlarda faol qatnashishni ta’minlash, ularni to‘g‘ri hamda samarali moliyalashtirishni o‘rganishdir.
Seminarda senatorlar, Jamoat fondi, Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi mas’ullari hamda uning muassisligidagi nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari, Yoshlar parlamenti a’zolari hamda Yoshlar ittifoqining hududiy Kengash raislari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, Jamoat fondi tomonidan 2022 yil davomida muayyan ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2022 yilda fuqarolik jamiyati institutlarining dastur va loyihalariga 97 mlrd 755 mln so‘m miqdorida davlat grantlari, ijtimoiy buyurtmalar va subsidiyalari ajratilgan.
Yil davomida 36 ta yirik jamoat tashkilotining, shu jumladan, 14 ta milliy madaniyat markazining ustav faoliyati va yillik ish rejasi ijro etilishi uchun 71 mlrd 755 mln so‘m yo‘naltirildi.
Ta’lim, madaniyat, tibbiyot, ekologiya, kadastr, qurilish, kommunal xo‘jaligi va bandlik kabi sohalardagi davlat organlarining 14,0 mlrd so‘mlik 17 ta ijtimoiy buyurtmasiga tanlov e’lon qilingan.
Tanlovda g‘olib deb topilgan 15 ta NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga 13 mlrd 200 mln so‘m yo‘naltirilgan.
2022 yil davomida 160 davlat granti shaklida moliyalashtirish uchun 12 mlrd so‘m taqsimlangan.
Mahallalarda ma’naviy-ma’rifiy va ijtimoiy-iqtisodiy muhitni sog‘lomlashtirishga qaratilgan davlat granti bo‘yicha 5 ta tanlovdan 4 tasi o‘tkazilgan. Natijada ijtimoiy ahamiyatga ega 132 ta loyiha 10,0 mlrd so‘mga moliyalashtirilgan.
O‘tkazilgan tanlovlarga jami 876 ta NNT va fuqarolik jamiyati boshqa institutlaridan 931 ta loyiha qabul qilingan.
Seminar davomida Jamoat fondi vakillari tomonidan NNTlar rahbarlari uchun davlat subsidiyasi, davlat ijtimoiy buyurtmasi va davlat granti tayyorlash va amalga oshirishdagi asosiy talablar, shuningdek, bu borada 2023 yildagi rejalar bo‘yicha atroflicha ma’lumot berildi.
Seminar so‘nggida Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti hamda nodavlat notijorat tashkilotlarining hamkorlikdagi ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi. Shu bilan birga, Yoshlar parlamentining ham ijtimoiy loyihalar va grantlarda ishtirok etish imkoniyatlari yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.