Biz haqimizda
Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi haqida
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2008 yil 10 iyulda qabul qilingan 843-I/515-I-sonli Qo‘shma qarori bilan tashkil etilgan.
Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi hududida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, «Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida»gi, «Jamoat fondlari to‘g‘risida»gi, «Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida»gi, «Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga hamda nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faoliyatini tartibga soluvchi boshqa qonun hujjatlariga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi to‘g‘risidagi nizomga asosan amalga oshiradi.
Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi:
- O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetidan, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalardan olinadigan mablag‘larni jamlaydi, bu mablag‘lar nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faoliyatini rivojlantirishni rag‘batlantirish hamda qo‘llab-quvvatlashga, ijtimoiy, iqtisodiy, gumanitar masalalarni hal etishda ularning ishtirok etishiga qaratilgan dasturlarni amalga oshirish uchun taqsimlanishini tashkil etadi;
- mablag‘larni keyinchalik nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlashga taqsimlash uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondlariga yo‘naltiradi;
- nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularga huquqiy maslahat, tashkiliy, texnik jihatdan va boshqa xil yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq dasturlar hamda loyihalarni amalga oshirishda ko‘maklashadi.
Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining faoliyatini tashkil etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan belgilanadi.