Yangiliklar
Yoshlar masalalariga oid davlat ijtimoiy buyurtmalarini nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan o‘zlashtirilishiga bag‘ishlangan uchrashuv tashkil etildi
28.08.2023
Joriy yilning 28-avgust kuni Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi, Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatning boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamda Yoshlar parlamenti tomonidan mas’ul vazirlik va idoralarning yoshlar masalalariga oid davlat ijtimoiy buyurtmalarini nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan o‘zlashtirilishiga bag‘ishlangan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuv o‘tkazish maqsadi davlat va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da kuchaytirish, nodavlat notijorat tashkilotlarining tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda davlat organlarining ijtimoiy buyurtmalarini amalga oshirishda ularning faol ishtirokini ta’minlashdan iborat.
Unda senatorlar, ijtimoiy buyurtma taqdim etgan vazirlik va idoralar mas’ullari, Yoshlar ittifoqi, nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatning boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi rahbari hamda Fond mablag‘larini boshqarish bo‘yicha parlament komissiyasi raisi tomonidan davlat ijtimoiy buyurtmasini tayyorlash, taqdim etish va amalga oshirish yuzasidan ma’lumotlar berib o‘tildi.
Shuningdek, uchrashuv davomida davlat organlari tomonidan 2024-yil uchun ishlab chiqilgan ijtimoiy buyurtmalar taqdimoti o‘tkazildi. Xususan, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Madaniyat vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Adliya vazirligi hamda Madaniy meros agentiligining yoshlarga doir davlat ijtimoiy buyurtmalari muhokama qilindi.
Muloqot jarayonida davlat ijtimoiy buyurtmalarida nodavlat notijorat tashkilotlarining ishtiroki yuzasidan savol-javob va muhokamalar bo‘lib o‘tdi. NNT vakillarining qiziqtirgan savollariga vazirlik va idoralar mas’ullari, Jamoat fondi vakillari tomonidan atroflicha javob berildi.
Uchrashuv yakunida Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatning boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti hamda nodavlat notijorat tashkilotlarining hamkorlikdagi ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.
Shuningdek, Yoshlar parlamentining ham ijtimoiy loyihalar va grantlarda ishtirok etish imkoniyatlari yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.