Yangiliklar
Korrupsiyaga qarshi kurash – kechiktirib boʻlmas masala

Korrupsiyaga qarshi kurash – kechiktirib boʻlmas masala
Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengash faoliyati yuzasidan kengaytirilgan yigʻilish davlat va jamiyatning barcha soha va bosqichlarida korrupsiyaning oldini olish boʻyicha ishlar natijadorligini taʼminlash hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarni belgilab olish uchun yangi chaqiriq boʻldi. Ayniqsa, bugungi jadal rivojlanish, katta marralarni koʻzlagan islohotlar fonida korrupsiyaviy jinoyatlarning sodir etilayotgani, bu borada Parlament masʼul qoʻmitalarining oʻrni sezilmayotgani deputat sifatida shaxsan meni sergak torttiradi.
Islohotlar hal qiluvchi bosqichga kirayotgan, xalqaro reytinglarda yuqorilayotgan, xorijiy investorlar uchun tobora jozibadorlik kasb etayotgan yangi Oʻzbekiston uchun yurtimizda korrupsiyadan xoli muhit yaratmasdan turib, aniq maqsadga erishib boʻlmaydi. Zero, davlat rahbari taʼbiri bilan aytganda islohotlar yoʻlidagi eng katta toʻsiq va gʻov – bu korrupsiyadir. Bu borada barcha tashkilotlar vakillari qatorida biz deputatlar ham xulosa chiqarib, oʻzimiz uchun eʼtibor qaratish lozim boʻlgan muhim va aniq vazifalarni belgilab oldik.
Taʼkidlash joiz, oʻtgan davrda Parlament tomonidan korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan qonunchilik bazasi yaratildi, masʼul qoʻmitalar, Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengash va agentlik tashkil qilindi. Birgina, davlat xaridlari boʻyicha qonun qabul qilingani natijasida tanlov va tender raqamlashib, sogʻlom raqobat boʻlgani uchun oʻtgan yili 14 trillion soʻm byudjet mablagʻi tejaldi. Ammo Prezidentning bu borada mavjud muammolar yuzasidan tashvishli eʼtirozlari shuni koʻrsatadiki, masʼullarning tashabbuskorligi va jamoatchilik nazorati muammo yechimida muhim ahamiyatga ega.
Prezident raisligida oʻtkazilgan yigʻilish Parlament vakillari oldiga korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro andozalarga mos takliflarni ishlab chiqish, sohaga oid qonunchilikni qayta koʻrib chiqish, byudjetdan eng koʻp mablagʻ oladigan vazirliklarga borib, korrupsiyaviy omillarni oʻrganish, Senat kamida 1 ta hududda jinoyatchilikni keskin qisqartirish boʻyicha, Qonunchilik пaлатаси esa kamida 1 ta sohada korrupsiyaga barham berish boʻyicha takliflar berib borishi, mahallagacha tushib, har bir jinoyatning kelib chiqish sabab va omillarini aniqlab, huquq-tartibot organlari oldiga aniq masalalarni taqdim etish kabi muhim vazifalar qoʻyildi.
Shu bilan birga, Prezident maʼruzasida davlat xaridlarida uchrayotgan manfaatlar toʻqnashuvi, qimmat narxda tovar sotib olish yoki xizmat koʻrsatish kabi muammolar ham tilga olinib, ushbu muammolar yechimi sifatida toʻgʻridan-toʻgʻri xaridlarni 2 karra qisqartirish, davlat xaridlarida qonunga zid holatlarni aniqlash va oldini olish boʻyicha elektron tizimni ishga tushirish taklif qilinmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyati yuzasidan bildirilgan eʼtirozlar esa faqat muammoning oqibatlari bilan shugʻullanish emas, aksincha sabablarini tahlil qilish, ularni oldini olishga qaratilgan aniq taklif va tashabbuslar ishlab chiqish, tegishli tashkilotlar, ayniqsa Parlament vakillari bilan yanada yaqinroq ishlash zarurligini koʻrsatdi.
Shuningdek, yurtimizda bu illatni butunlay yoʻq qilish uchun aholining davlat xizmatlaridan foydalanishi, tadbirkorlar va davlat idoralari oʻrtasidagi munosabatlar, byudjet mablagʻlarining sarflanish jarayonlarini maksimal darajada raqamlashtirish, inson ishtirokini minimallashtirish, manfaatlar toʻqnashuvini yoʻq qilish, byurokratiya va qogʻozbozlikdan voz kechib, ochiq va oshkora tizim yaratish borasida kechiktirib boʻlmas tadbirlar amalga oshirilishi lozim.
Oʻylaymanki, bu borada Parlamentning masʼul qoʻmitalari, Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha komissiya tashabbus koʻrsatadi. Jamoat fondi tomonidan davlat granti va ijtimoiy buyurtmalarini eʼlon qilish orqali esa nodavlat tashkilotlarning korrupsiyaga nisbatan murosasiz boʻlishga qaratilgan muhim tashabbus va loyihalari amalga oshiriladi.
Yigʻilishda Prezidentmiz tomonidan kadrlarda fidoyilikni oshirish, illatlarga qarshi hamjihatlik kurashish masalasiga ham eʼtibor qaratildi. Darhaqiqat, bu illatga qarshi kurash jarayoni hech qachon aniq muddat bilan cheklanmaydi, faqat davlatning saʼy-harakati bilan kutilgan natijaga erishib boʻlmaydi. Bu – butun jamiyatimizning ishi.
Yigʻilishda bildirilgan har bir tanqid masʼullar tomonidan chuqur tahlil qilinishi, avvalo boshqalarga oʻzlari oʻrnak boʻlishi, sabablarini bartaraf etishga qaratilgan tizimli mexanizmlar ishlab chiqilishi lozim.
Adxam Shadmanov,
Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha Parlament komissiyasi raisi