Biz haqimizda
Parlament komissiyasi haqida
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2008 yil 10 iyulda qabul qilingan 843-I/515-I-sonli Qo‘shma qarori bilan tuzilgan.
Parlament komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari, Senati a’zolari, adliya va moliya vazirliklarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining vakillari orasidan rais, uning o‘rinbosari, mas’ul kotib va komissiya a’zolaridan iborat tarkibda shakllantiriladi.
Parlament komissiyasi:
- Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi mablag‘larining nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash uchun taqsimlanishini tashkil etadi, nodavlat notijorat tashkilotlarining, fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining va davlat organlarining takliflarini o‘rganish asosida aniq ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishga, fuqarolarning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga qaratilgan sotsial va ijtimoiy ahamiyatga molik dasturlar hamda loyihalarni moliyalashtirish dasturlarini ishlab chiqadi;
- Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi mablag‘larini taqsimlashda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlaydi, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini rivojlantirish hamda ular faoliyatining samaradorligini oshirish, ularning o‘tkazilayotgan sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlarda, demokratik qadriyatlarning, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining himoya qilinishini ta’minlashda ishtirok etishi masalalarini muhokama qilishga jamoatchilikni jalb etadi;
- joylardagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash uchun mablag‘larning hajmlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyalarining (bundan buyon matnda jamoat komissiyalari deb yuritiladi) buyurtmalari asosida aniqlaydi hamda taqsimlaydi, ushbu komissiyalar faoliyatiga uslubiy rahbarlikni ta’minlaydi;
- Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanilishi, ushbu jamoat fondi tomonidan moliyalashtiriladigan dasturlar hamda loyihalar ustidan nazoratni (monitoringni) amalga oshiradi, o‘z majlislarida moliyalashtirilayotgan dasturlar hamda loyihalar amalga oshirilishining borishi va natijalari to‘g‘risida nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining hisobotlarini, mahalliy davlat hokimiyati organlarining axborotini eshitadi, ijtimoiy sheriklikni yanada rivojlantirishga doir zarur tavsiyalarni ishlab chiqadi va topshiradi;
- sotsial va ijtimoiy ahamiyatga molik dasturlar va loyihalarni amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining davlat organlari bilan hamkorligini chuqurlashtirishga, ijtimoiy hayotni demokratlashtirishda nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining rolini kuchaytirish jarayonlariga ko‘maklashadi;
- ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik muhokamasini, jamoatchilik ekspertizasini tashkil etishda davlat organlariga yordam ko‘rsatadi, mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlarning mohiyati va ahamiyatini aholiga tushuntirish bo‘yicha tizimli ishlar olib boradi;
- ijtimoiy sheriklik sohasida ko‘rib chiqilayotgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qiladi va ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
- bajarilgan ishlar to‘g‘risida har yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga va Senatiga axborot taqdim etadi;
- o‘z faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikni xabardor qiladi.
Parlament komissiyasi Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining vasiylik kengashi vazifasini bajaradi.
Parlament komissiyasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.